O‘zbekiston Qozog‘iston bilan transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantiradi

  • Nashr qilingan sana : 12/05/2024 soat 22:43
Print
A
A
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantiradi

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Qozog‘iston transport vaziri Marat Karabayev bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

Ostonada O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Qozog‘iston transport vaziri Marat Karabayev bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.

Unda tomonlar xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, temir yo‘l va avtomobil transporti, transport infratuzilmasini qurish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etishdi.

Xususan, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘l qurilishi loyihasini hamkorlikda amalga oshirish, “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport koridorini birgalikda rivojlantirish va yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirish orqali tashuvlarni yanada tezlashtirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

“Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘li qurilishi borasida Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi”, — deyiladi xabarda.

Marat Karabayev “loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy kommunikatsiyalar va savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi, chunki Janubiy Osiyo mintaqasining yirik dengiz portlariga chiqish yo‘llari ochiladi”, deya ishonch bildirdi.
Shuningdek, tomonlar yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron almashish «E-Permit» tizimi amaliyotga tatbiq etilganini mamnuniyat bilan qayt etishdi.

 

 

Print
A
A