21-may kuni e’lon qilingan eng muhim yangiliklar dayjesti

  • Nashr qilingan sana : 21/05/2024 soat 23:43
Print
A
A

Prezident Eron elchixonasiga borib, hamdardlik kitobiga taskin so‘zlarini yozdi

Shavkat Mirziyoyev Eronning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurib, prezident Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan Eron xalqiga hamdardlik bildirdi. Davlat rahbari hamdardlik kitobiga taskin so‘zlarini yozib qoldirdi.

Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Eron elchixonasiga tashrif buyurib, vertolyot qulashi oqibatida prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilganlar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonada ochilgan Hamdardlik kitobiga samimiy ta’ziya va taskin so‘zlarini yozib qoldirdi, deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, O‘zbekiston yetakchisi elchi Muhammadali Iskandariy bilan qisqa suhbatda Ibrohim Raisiy yetuk davlat arbobi va siyosatchi bo‘lgani, Eronning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, aholi farovonligini oshirishga hamda mamlakatning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga, shuningdek, davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Avvalroq prezident Eronning Oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik maktubi yo‘llagandi.

Eslatib o‘tmiz, yakshanba kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida “qattiq qo‘ngandi”. Bir kun o‘tib, uning vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Raisiy 2021-yil 5-avgustdan buyon Eronga prezidentlik qilib kelayotgandi.

Print
A
A