OAV: Germaniya afg‘onlarni O‘zbekiston orqali uylariga jo‘natmoqchi

  • Nashr qilingan sana : 18/06/2024 soat 18:50
Print
A
A

Berlin afg‘onlarni O‘zbekistonga, u yerdan esa – o‘z vatanlariga KamAir reyslarida jo‘natmoqchi, deb yozadi Der Spiegel. Germaniya delegatsiyasi yaqinda Toshkent bilan ushbu rejani muhokama qildi.

Germaniya hukumati qochqin maqomini olish huquqiga ega bo‘lmagan afg‘onlarni ortga qaytarish uchun O‘zbekiston bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 16 iyun, yakshanba kuni Der Spiegel jurnali yozadi.

Nashrning yozishicha, may oyi oxirida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirig‘iga binoan Germaniya delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, u yerda O‘zbekiston hukumati bilan tegishli rejani muhokama qilgan. «Nemislar O‘zbekiston hukumatiga maxsus reja taklif qilishgan, – deb yozadi nashr. – Unga ko‘ra, Germaniya afg‘onistonlik nomzodlarni charter reyslar orqali Toshkentga yetkazishi mumkin, u yerdan Afg‘oniston fuqarolari Kobulga KamAir xususiy aviakompaniyasi samolyotlarida olib ketiladi. Bu yo‘nalish Berlin toliblar hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormasdan turib afg‘onlarni chiqarib yuborish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan».

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Germaniya IIV delegatsiyasi Toshkentdan qaytgach, muzokaralar «konstruktiv» o‘tganini ma’lum qilgan va O‘zbekiston hukumati yordam haqida va’da bergan. O‘z navbatida, KamAir aviakompaniyasi vakillari ham xuddi shunday tarzda fuqarolarni Afg‘onistonga olib borish mumkin, degan fikrni bildirdilar, deyiladi maqolada.

Avvalgi yillar davomida bu firma Shvetsiyaga xuddi shunday deportatsiya missiyalarida yordam bergan va kompaniya rahbariyati Afg‘onistondagi toliblar hukumati bilan ishonchli aloqalarga ega, deb yozadi Der Spiegel.

Print
A
A