“Kobul bilan muloqotni saqlash butun mintaqa manfaatlariga mos. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda” — O‘zbekiston prezidenti

  • Nashr qilingan sana : 5/07/2024 soat 00:31
Print
A
A

Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitidagi nutqida “Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik” kodeksi, ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida hamkorlikning “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, savdoni soddalashtirish bitimini ishlab chiqishni taklif qildi. “SHHT-Afg‘oniston” muloqotini tiklash muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati uning nutqini e’lon qildi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida Belarusning SHHTga qo‘shilish jarayoni yakuniga yetgani bilan tabrikladi. Bu o‘zaro sheriklikning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochishi qayd etildi. Shundan so‘ng u Qozog‘istonning SHHTga raisligi yakunlanayotganiga to‘xtalib, ushbu mamlakatning faoliyatini yuksak baholashini aytib o‘tdi.

Prezident ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tayotganini bildirdi.

“Yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda. Xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillari tez-tez buzilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini yo‘qotdi”, — dedi u.

“Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir”, deya ta’kidlagan davlat rahbari tashkilot xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘lganini qayd etdi.

Prezident “Shanxay ruhi”ning quyidagi tamoyillarini saqlab qolish va sodiq bo‘lish muhimligini bildirdi, bular — o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining o‘zgarmasligi, tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, uning ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi va suverenitetini hurmat qilish.

“Jahon aholisining 40 foizdan ortig‘i, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘prog‘i mamlakatlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Hech shubhasiz, ushbu beqiyos salohiyatni ro‘yobga chiqarish bizdan iqtisodiy sheriklikning yangi modellarini shakllantirishni va SHHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishni talab etadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, dedi prezident.

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yo‘nalishida davom ettirish zarur, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarni o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani ma’lum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda”, — dedi u.

Shu munosabat bilan, “SHHT-Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

 

Print
A
A