O‘zbekiston deputatlari saylovi uchun 39 mamlakatda saylov uchastkalari tashkil etiladi

  • Nashr qilingan sana : 26/08/2024 soat 18:59
Print
A
A

O‘zbekiston parlament saylov uchastkalari 39 mamlakatda tashkil etiladi. Ulardan eng ko‘pi Rossiyada — yettita, Qozog‘iston va Xitoyda — uchtadan bo‘ladi. 7 mamlakatda ikkitadan, 29 mamlakatda bittadan uchastka ochiladi.
Markaziy saylov komissiyasi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tashkil etilishini ma’qulladi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi taklifi bilan dunyoning 39 ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi ochiladi.
Xususan, 29 davlatda (Avstriya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Misr, Isroil, Hindiston, Indoneziya, Eron, Ispaniya, Italiya, Quvayt, Latviya, Malayziya, Ummon, Pokiston, Polsha, Singapur, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Ukraina, Fransiya, Shveysariya, Shvetsiya va Yaponiya) bittadan, 7 davlatda (Germaniya, Qirg‘iziston, BAA, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya) — ikkitadan, 2 davlatda (Qozog‘iston va Xitoy) — uchtadan hamda Rossiyada — yettitadan saylov uchastkasi tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda navbatdagi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi.

Print
A
A